Tog' echkisi
«Zomin» atamasi «Avesto»da tilga olingan «Zomyod» — farovonlik farishtasi nomi bilan bogʻlanadigan boʻlsa, mazkur shaharning tarixi zardushtiy ota-bobolarimiz zamonasi bilan, milloddan avvalgi VII-V asrlar bilan oʻlchanadi. Eramizdan oldingi 330 yili mashhur yunon shohi Aleksandr Makedonskiyning (Iskandar Zulqarnayn) antik tarixiy manbalarda «Kiropol» nomi bilan tilga olingan Zominga bostirib kelgani tilga olinadi. Solnomachilar Arrian va Kursiylar jahongir shohning mazkur shaharda boshidan ogʻir yaralangani haqida xabar beradilar. Oʻrta asrlarda «gullab-yashnab turgan Zomin» barcha arab tarixchilari tomonidan qayd etib oʻtiladi. Bu shahar Buyuk Ipak yoʻli ustidagi eng yirik, muhim ahamiyat kasb etgan yirik shaharlardan biri sifatida tilga olinadi. Sharq mutafakkiri Abdurahmon Jomiy (1414-1492) Samarqanddan Shoshga ketayotib Zominda toʻxtab oʻtgani haqida xabarlar bor. Shoh va adib Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzining oʻlmas asari «Boburnoma»da Zomin haqida bir necha marta toʻxtalib oʻtgan. Zomin shaharchasining oʻrtasida ajoyib yodgorlik majmuasi joylashgan. Bu majmuada «Xoja Qahhor Vali» maqbarasi «Xolid ibn Volid» masjidi mavjud. Masjid qurilgan vaqtda ekilgan Bobotut daraxtining yoshi ikki ming yildan kam emas. Bu yerdagi xonaqohni taʼmirlash asnosida sagʻana atrofi Arxeologiya institutining yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Aleksey Gritsina tomonidan oʻrganib chiqildi va bu yerdan topilgan sopol siniqlari va tangani ilmiy oʻrganish natijalariga qarab yodgorlik millodning X asriga, Somoniylar davriga taalluqli, deb topildi.